Shaxsiy kabinetga kiris

Onlayn xizmatlar doirasida foydalanuvchilarga toʻlov xizmatlarini koʻrsatish shartlari toʻgʻrisida ommaviy oferta

Eʼlon qilingan sana: «8» sentabr 2026-yil
Kuchga kirish sanasi: «8» sentabr 2026-yil
Tahrir №1
Listee foydalanuvchilariga toʻlov xizmatlarini koʻrsatish shartlari toʻgʻrisidagi ushbu Ommaviy oferta (bundan buyon — «Oferta») — Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq roʻyxatdan oʻtgan, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2020-yil 23-apreldagi №5-sonli litsenziyasi asosida toʻlov tashkiloti sifatida faoliyat yurituvchi AO Freedom Payments kompaniyasining (bundan buyon — «Toʻlov tashkiloti») Listee xizmatlaridan foydalanuvchi jismoniy shaxs bilan toʻlov xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisida shartnoma tuzish boʻyicha Listee (bundan buyon — «Listee») xizmatlaridan foydalanuvchi jismoniy shaxsga qaratilgan rasmiy taklifidir.
Ushbu Oferta Toʻlov tashkilotining Foydalanuvchilarga Listee’da taklif etilayotgan tovarlar va/yoki boshqa tovarlar, ishlar, xizmatlar uchun toʻlovni Listee’da mavjud toʻlov usullari orqali amalga oshirishlarida toʻlov xizmatlarini koʻrsatish tartibi va shartlarini tartibga soladi.
Foydalanuvchi tomonidan ushbu Oferta nazarda tutgan va uni qabul qilganligidan dalolat beruvchi harakatlarning amalga oshirilishi Ofertaning toʻliq va soʻzsiz aksepti hisoblanadi.
Aksept amalga oshirilgan paytdan boshlab Toʻlov tashkiloti va Foydalanuvchi oʻrtasida ushbu Oferta shartlarida toʻlov xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisida shartnoma (bundan buyon — «Shartnoma») tuzilgan hisoblanadi.
Ushbu Oferta Toʻlov tashkilotining rasmiy veb-saytida va/yoki Listee interfeysida elektron shaklda joylashtiriladi hamda Foydalanuvchi aksept qilguniga qadar unga ochiq boʻladi.
1. Atamalar va taʼriflar
Ushbu Ofertada quyidagi atamalar quyida koʻrsatilgan maʼnolarga ega:

Aksept — Foydalanuvchi tomonidan ushbu Oferta nazarda tutgan harakatlarni amalga oshirish yoʻli bilan ushbu Oferta shartlarini toʻliq va soʻzsiz qabul qilishi.

Avtorizatsiya — tegishli toʻlov vositasidan foydalangan holda toʻlov operatsiyasini amalga oshirish imkoniyatini tasdiqlash tartib-taomili.

Verifikatsiya — Karta boʻyicha ruxsatsiz/noqonuniy operatsiya amalga oshirilishi xavfini kamaytirish maqsadida Toʻlov tashkiloti tomonidan Mijoz va Kartani qoʻshimcha tekshirish tartib-taomili.

Qaytarish — tegishli toʻlovning bekor qilinishi, qaytarilishi yoki tuzatilishi munosabati bilan Foydalanuvchiga pul mablagʻlarining toʻliq yoki qisman qaytarilishi operatsiyasi.

Listee — Foydalanuvchilarga Sotuvchilardan tovarlarni qidirish, tanlash va sotib olish, shuningdek, mavjud toʻlov xizmatlaridan foydalanish imkonini beruvchi Listee elektron savdo maydonchasi. Listee uning operatori boʻlgan “Thara” MChJ tomonidan ishga tushiriladi, u Shartnomani ijro etish maqsadida Toʻlov tashkiloti bilan hamkorlik qiladi, jumladan, Yetkazib berish xizmatini tashkil etishni taʼminlaydi va Toʻlov operatsiyalarini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan axborotni Toʻlov tashkilotiga uzatadi.

“Thara” MChJ — Listee’ni ishga tushiruvchi, jumladan, Yetkazib berish xizmatini tashkil etishni hamda Shartnomani ijro etish maqsadida Toʻlov tashkiloti bilan axborot-texnologik hamkorlikni taʼminlovchi yuridik shaxs.

Listee mobil ilovasi — Foydalanuvchilar tomonidan mobil qurilmalarda foydalanish uchun moʻljallangan Listee dasturiy taʼminoti.

Listee veb-sayti — Internet tarmogʻidagi quyidagi manzilda joylashgan internet-resurs: www.listee.uz.

Shaxsiy maʼlumotlar — Shartnomani tuzish va ijro etish munosabati bilan Toʻlov tashkiloti tomonidan qayta ishlanadigan, aniqlangan yoki aniqlanishi mumkin boʻlgan jismoniy shaxsga oid maʼlumotlar.

Toʻlov interfeysi — Foydalanuvchi toʻlov topshirigʻini shakllantiradigan va tasdiqlaydigan, Sayt va/yoki Listee mobil ilovasining dasturiy interfeysi, toʻlov sahifasi, toʻlov shakli yoki boshqa texnologik elementi.

Toʻlov operatsiyasi — Foydalanuvchining toʻlov topshirigʻini ijro etish maqsadida amalga oshiriladigan harakatlar majmui.

Toʻlov tashkiloti — Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining litsenziyasiga muvofiq toʻlov xizmatlarini koʻrsatish huquqiga ega boʻlgan yuridik shaxs — AO Freedom Payments.

Toʻlov tizimi, TT — Uzcard, Humo, Visa International, Masterсard Worldwide toʻlov tizimlari.

Toʻlov xizmati — Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi, ushbu Oferta va hisob-kitob ishtirokchilari bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq Toʻlov tashkiloti tomonidan koʻrsatiladigan, Foydalanuvchining toʻlov topshirigʻini qabul qilish, qayta ishlash va/yoki ijro etish bilan bogʻliq xizmat.

Foydalanuvchi — Saytdan va/yoki Listee mobil ilovasidan foydalanuvchi va ushbu Oferta shartlarini qabul qiluvchi jismoniy shaxs.

Xaridor — Listee orqali Sotuvchidan tovar sotib oluvchi va shunday tovar uchun toʻlovni boshlab beruvchi Foydalanuvchi.

Sotuvchi — Eʼlon joylashtirgan va Listee Kelishuvi shartlariga qoʻshilgan, Sayt va/yoki Ilovaning roʻyxatdan oʻtgan foydalanuvchisi. Sotuvchi oʻn sakkiz yoshga toʻlgan, toʻliq muomala layoqatiga ega boʻlgan jismoniy shaxs boʻlishi mumkin.

Ish kuni — Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq dam olish yoki bayram kuni hisoblanmaydigan kun.

Yetkazib berish xizmati — Tashuvchilarni jalb etgan holda Listee Operatori tomonidan koʻrsatiladigan, Joʻnatmalarni Xaridorga yetkazib berish, shuningdek, ularni Sotuvchiga qaytarish boʻyicha xizmatlar majmui.

Tashuvchi — Joʻnatmalarni tashish, qabul qilish va topshirish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish uchun “Thara” MChJ tomonidan jalb etiladigan yuridik shaxs va/yoki yakka tartibdagi tadbirkor.

Yetkazib berish xizmati toʻgʻrisidagi Kelishuv — Yetkazib berish xizmatidan foydalanishda “Thara” MChJ, Xaridor va Sotuvchi oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi, Listee interfeysida joylashtirilgan, Listee belgilagan shaklidagi kelishuv.

Toʻlov usuli — bank kartasi, elektron toʻlov vositasi, toʻlov ilovasi, elektron hamyon yoki Toʻlov interfeysida mavjud boʻlgan boshqa usul jumladan, Foydalanuvchiga toʻlovni amalga oshirish uchun mavjud boʻlgan usul.

Toʻlov summasi — Tovarni sotib olish munosabati bilan Xaridor tomonidan toʻlanishi lozim boʻlgan, Tovar qiymatini va toʻlov topshirigʻiga kiritilgan boshqa summalarni oʻz ichiga olgan pul summasi.

Tovar — tegishli obyekt Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq realizatsiya qilinishi mumkin boʻlgan taqdirda, Sotuvchi tomonidan Listee orqali sotib olish uchun taklif etiladigan tovar, ish yoki xizmat.

Elektron tasdiqnoma — toʻlov operatsiyasining amalga oshirilishini yoki natijasini tasdiqlovchi elektron xabar, bildirishnoma, chek, kvitansiya, shaxsiy kabinetdagi yozuv yoki boshqa elektron hujjat.
2. Umumiy qoidalar, shartnomani tuzish va shartnoma predmeti
2.1. Ushbu Oferta Toʻlov tashkilotining Foydalanuvchi bilan Toʻlov xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisida Shartnoma tuzish yuzasidan ommaviy taklifi hisoblanadi. Shartnoma Foydalanuvchi tomonidan ushbu Oferta shartlarining toʻliq hajmda aksept qilinishi yoʻli bilan tuziladi.

2.2. Foydalanuvchi tomonidan uning shartlarini qabul qilganligi va toʻlovni amalga oshirish niyatidan bir maʼnoli dalolat beruvchi harakatlarning amalga oshirilishi, jumladan, «Toʻlash» yoki shunga oʻxshash boshqa tugmani bosish, zarur maʼlumotlarni kiritish va/yoki toʻlovni OTP-kod orqali tasdiqlash Oferta aksepti hisoblanadi.

2.3. Akseptni amalga oshirar ekan, Foydalanuvchi ushbu Oferta bilan tanishganligini, uning shartlarini qabul qilishini va ishonchli maʼlumotlar taqdim etishini tasdiqlaydi. Shartnoma Listee va/yoki Toʻlov tashkilotining axborot tizimi tomonidan aksept qayd etilgan paytdan tuzilgan hisoblanadi.

2.4. Ushbu Shartnomaga koʻra Toʻlov tashkiloti Foydalanuvchiga Listee’dagi Tovarlar uchun toʻlovni qabul qilish, qayta ishlash va toʻlov topshirigʻini ijro etish bilan bogʻliq toʻlov xizmatlarini koʻrsatadi, shuningdek, nazarda tutilgan hollarda pul mablagʻlarini qaytaradi.

2.5. Toʻlov tashkiloti Mijozga Xizmatlarni koʻrsatishdan bir tomonlama tartibda va sabab koʻrsatmasdan bosh tortish huquqiga ega, jumladan, operatsiya parametrlari Toʻlov tashkiloti va/yoki TT tomonidan va/yoki Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi tomonidan belgilangan summalar va operatsiyalar soniga oid cheklovlarga mos kelmasa, Mijozning oddiy boʻlmagan belgilarga ega yoxud Toʻlov tashkiloti uchun obroʻ-eʼtibor va/yoki moliyaviy xavflarni keltirib chiqaruvchi operatsiyalari aniqlangan taqdirda, shuningdek, Toʻlov tashkilotida operatsiya Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi va/yoki TT qoidalari buzilgan holda amalga oshirilayotganiga shubha tugʻilgan taqdirda.

2.6. Avtorizatsiya amalga oshirilayotgan paytda joʻnatuvchi (Xaridor) Kartasida Listee’da tovar va xizmatlarni sotib olish uchun zarur boʻlgan yetarli balans mavjud boʻlmasa, Toʻlov tashkiloti Mijozning Topshirigʻini qayta ishlashga qabul qilmaydi va Toʻlov tashkiloti Xizmatlarini koʻrsatmaydi. Toʻlov tashkiloti pul mablagʻlarini qabul qiluvchi bank va/yoki joʻnatuvchi bank tomonidan undiriladigan komissiyalar uchun javobgar emas.

2.7. Toʻlov tashkiloti Tovar sotuvchisi hisoblanmaydi va uning sotilish shartlari, jumladan, sifati, qiymati, yetkazib berilishi va qaytarilishi uchun javobgar emas. Koʻrsatilgan munosabatlar Foydalanuvchi, Sotuvchi va/yoki Listee oʻrtasida tartibga solinadi.

2.8. Ushbu Ofertaning amaldagi tahriri Listee Sayti yoki mobil ilovasida elektron shaklda joylashtiriladi va toʻlov operatsiyasi amalga oshirilgunga qadar Foydalanuvchiga ochiq boʻladi.

2.9. Foydalanuvchi Listee’dan yoki toʻlov xizmatidan foydalanishda koʻrsatgan aloqa maʼlumotlariga elektron shaklda bildirishnomalar olishga rozilik bildiradi.

2.10. Shartnoma doirasidagi hisob-kitoblar faqat Oʻzbekiston Respublikasi valyutasida — soʻmda amalga oshiriladi.

Toʻlov xizmatlarini koʻrsatishning texnologik jarayoni
2.11. Foydalanuvchi Toʻlov tashkilotiga, Listee’dan olinadigan axborot asosida, ushbu 2.11-bandda belgilangan tartib va muddatlarda Toʻlov xizmatlarini koʻrsatish doirasida pul mablagʻlarini yechish, alohida hisobga olish, oʻtkazish va qaytarish boʻyicha harakatlarni amalga oshirishni topshiradi.

2.11.1. Listee tomonidan ushbu Shartnomaning 2.11-bandida koʻrsatilgan axborotni Toʻlov tashkilotiga yuborish tartibi va muddatlari Toʻlov tashkiloti va Listee oʻrtasida tuzilgan axborot-texnologik hamkorlik toʻgʻrisidagi kelishuv bilan belgilanadi.

Listee Yetkazib berish xizmati
2.12. Xaridorga Yetkazib berish xizmatlarini koʻrsatish Tashuvchilarni jalb etgan holda Listee tomonidan amalga oshiriladi. Joʻnatmalarni tayyorlash, topshirish, qabul qilish va qaytarish tartibi, shuningdek, yetkazib berish muddati Listee interfeysida joylashtirilgan Yetkazib berish xizmati toʻgʻrisidagi Kelishuv bilan tartibga solinadi.

2.12.1. Toʻlov tashkiloti Yetkazib berish xizmati toʻgʻrisidagi Kelishuvning tomoni hisoblanmaydi, Yetkazib berish xizmatlarini koʻrsatmaydi va yetkazib berish sifati, muddatlari, tartibi, shuningdek, Joʻnatmaning saqlanishi uchun javobgar emas. Koʻrsatilgan masalalar Foydalanuvchi tomonidan bevosita Listee va/yoki Tashuvchi bilan hal etiladi.

2.12.2. Yetkazib berish xizmatlarini koʻrsatishning boshlanishi, Joʻnatmaning Xaridor tomonidan qabul qilinganligi fakti, shuningdek, Joʻnatmaning Sotuvchiga qaytarilish asoslari Yetkazib berish xizmati toʻgʻrisidagi Kelishuv shartlariga muvofiq belgilanadi hamda Tashuvchilar maʼlumotlari asosida Listee tomonidan qayd etiladi.

2.12.3. Listee tomonidan ushbu Shartnomaning 2.12.2-bandiga muvofiq qayd etilgan va Toʻlov tashkilotiga uzatilgan maʼlumotlar Toʻlov tashkiloti tomonidan ushbu Shartnomaning 2.11-bandida nazarda tutilgan harakatlarni amalga oshirish uchun yetarli va yakuniy asos hisoblanadi. Toʻlov tashkiloti koʻrsatilgan maʼlumotlarning ishonchliligini mustaqil ravishda tekshirmaydi.

2.12.4. Listee’ning Yetkazib berish xizmatini tashkil etish va texnik funksionallikni taʼminlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatgani uchun mukofoti Xaridorning Toʻlov summasidan va/yoki Sotuvchiga tegishli summadan, Listee bilan tuzilgan Kelishuvda belgilangan tartib va miqdorda ushlab qolinadi. Toʻlov tashkiloti bunday mukofot miqdorini belgilamaydi va uni hisoblash hamda ushlab qolish tartibi uchun javobgar emas.

2.12.5. Yetkazib berish xizmatlarini koʻrsatishda Tovarning yoʻqolishi, shikastlanishi yoki yetishmasligi holatlarida Foydalanuvchining daʼvolari Yetkazib berish xizmati toʻgʻrisidagi Kelishuvda nazarda tutilgan tartibda Listee va/yoki Tashuvchi bilan hal etiladi; Toʻlov tashkiloti bunday daʼvolarning tomoni hisoblanmaydi.
3. Tomonlarning huquq va majburiyatlari
3.1. Toʻlov tashkiloti quyidagi huquqlarga ega:
  • Mijozning shaxsiy maʼlumotlarini Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan tartib va chegaralarda, jumladan, ularni yigʻish, tizimlashtirish, saqlash, oʻzgartirish, toʻldirish, foydalanish, anonimlashtirish, bloklash va yoʻq qilishni, shuningdek, faqat qonunchilikda yoʻl qoʻyiladigan holatlar va maqsadlarda toʻlov xizmatlarini koʻrsatishda ishtirok etuvchi uchinchi shaxslarga uzatishni amalga oshirish;
  • toʻlov topshiriqlarini qabul qilish va qayta ishlash;
  • qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda texnik va boshqa cheklovlarni belgilash;
  • qoʻshimcha maʼlumot va hujjatlarni soʻrash;
  • identifikatsiyani va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa tekshiruvlarni oʻtkazish;
  • operatsiyalarni oʻtkazishni toʻxtatib turish yoki bundan bosh tortish;
  • nazarda tutilgan hollarda pul mablagʻlarini qaytarish;
  • qonunchilikka yoʻl qoʻyilgan boʻlsa, toʻlov xizmatlarini koʻrsatish uchun uchinchi shaxslar va texnologik hamkorlarni jalb etish;
  • qonunchilik talablariga rioya etilgan holda xizmatlar koʻrsatishning texnologik tartibini oʻzgartirish;
  • texnik ishlar olib borilayotganda yoki xavfsizlik tahdidlari yuzaga kelganda ayrim toʻlov funksiyalariga kirishni vaqtincha cheklash;
  • qonunchilik va ushbu Shartnomada nazarda tutilgan boshqa huquqlarni amalga oshirish.

3.2. Toʻlov tashkiloti quyidagilarga majburdir:
  • toʻlov xizmatlarini Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq koʻrsatish;
  • ijro etish uchun qabul qilingan toʻlov topshiriqlarini tegishli tarzda ijro etish;
  • oʻz javobgarligi chegarasida axborot himoyasini taʼminlash;
  • qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno, Foydalanuvchi va uning amalga oshirgan operatsiyalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning maxfiyligini saqlash;
  • Foydalanuvchiga toʻlov operatsiyasi natijasi toʻgʻrisida axborot taqdim etish;
  • Foydalanuvchilarning murojaatlari va shikoyatlarini belgilangan tartibda koʻrib chiqish;
  • vakolatli davlat organlarining talablarini qonunchilikda belgilangan hollar va tartibda bajarish.

3.3. Foydalanuvchi quyidagi huquqlarga ega:
  • mavjud toʻlov xizmatlaridan foydalanish;
  • toʻlov operatsiyasi natijasi toʻgʻrisida axborot olish;
  • koʻrsatilgan toʻlov xizmatlari toʻgʻrisida qonunchilikda nazarda tutilgan axborotni olish;
  • Toʻlov tashkiloti manziliga murojaatlar va shikoyatlar yuborish;
  • qonunchilik va ushbu Ofertada nazarda tutilgan hollar va tartibda pul mablagʻlarining qaytarilishini talab qilish.

3.4. Foydalanuvchi quyidagilarga majburdir:
  • ishonchli axborot taqdim etish;
  • toʻlov summasi va rekvizitlarini tasdiqlashdan oldin tekshirib koʻrish;
  • toʻlov xizmatlaridan qonunga xilof maqsadlarda foydalanmaslik;
  • tasdiqlash kodlari, parollar va boshqa kirish vositalarini uchinchi shaxslarga bermaslik;
  • toʻlov vositasidan ruxsatsiz foydalanish shubhasi haqida darhol xabar berish;
  • Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga rioya qilish;
  • oʻz qurilmalari, hisob yozuvlari va toʻlov vositalarining saqlanishini mustaqil taʼminlash;
  • qonunchilik va ushbu Shartnomada nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni bajarish.
4. Listee bilan hamkorlik
4.1. Toʻlov xizmatlarini koʻrsatish uchun Toʻlov tashkiloti axborot-texnologik integratsiya orqali Listee bilan hamkorlik qiladi.

4.2. Listee toʻlov topshirigʻini shakllantirish va ijro etish uchun zarur boʻlgan axborotni Toʻlov tashkilotiga uzatadi.

4.3. Toʻlov tashkiloti Listee’dan olingan maʼlumotlardan toʻlov xizmatlarini koʻrsatish va qonunchilik talablarini bajarish uchun zarur boʻlgan hajmda foydalanish huquqiga ega.
5. Pul mablagʻlarini qaytarish tartibi
5.1. Pul mablagʻlari quyidagi hollarda qaytarilishi mumkin:
  • buyurtma bekor qilinganda;
  • Tovar toʻliq yoki qisman qaytarilganda;
  • Xaridor qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda Tovardan voz kechganda;
  • Tovar mavjud boʻlmaganda;
  • buyurtma Sotuvchi yoki Listee tomonidan bekor qilinganda;
  • toʻlovni amalga oshirishda texnik xatolik yuz berganda;
  • notoʻgʻri yechib olinganda;
  • qonunchilikda yoki Tovarni sotish shartlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda.

5.2. Toʻlov tashkiloti pul mablagʻlarini Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida, tegishli toʻlov tizimi qoidalarida va qoʻllaniladigan toʻlov usulida nazarda tutilgan tartib va muddatlarda qaytaradi.

5.3. Qaytarish, qoida tariqasida, dastlabki toʻlov amalga oshirilgan usulning oʻzida amalga oshiriladi, bundan qonunchilikda yoki tegishli toʻlov usulining texnik imkoniyatlarida boshqa tartib nazarda tutilgan hollar mustasno.

5.4. Pul mablagʻlari faqat tegishli toʻlov operatsiyasi amalga oshirilgan toʻlov vositasiga, aynan dastlabki toʻlov amalga oshirilgan bank kartasiga qaytariladi, bundan Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida, tegishli toʻlov tizimi qoidalarida yoxud emitent-bankning texnik talablarida boshqacha tartib bevosita nazarda tutilgan hollar mustasno.
6. Shaxsiy maʼlumotlar va maxfiylik
6.1. Toʻlov tashkiloti Foydalanuvchining shaxsiy maʼlumotlarini Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga hamda Toʻlov tashkiloti qoʻllaydigan shaxsiy maʼlumotlarni qayta ishlash siyosatiga muvofiq qayta ishlaydi.

6.2. Shaxsiy maʼlumotlar quyidagi maqsadlarda qayta ishlanishi mumkin:
  • ushbu Shartnomani tuzish va ijro etish;
  • Foydalanuvchini identifikatsiya qilish;
  • toʻlov operatsiyalarini amalga oshirish;
  • firibgarlikning oldini olish;
  • axborot xavfsizligini taʼminlash;
  • qonunchilik talablarini bajarish;
  • murojaatlarni koʻrib chiqish;
  • vakolatli davlat organlarining talablarini bajarish.

6.3. Foydalanuvchi zarur maʼlumotlarning Listee’ga, Sotuvchiga, banklarga, toʻlov tizimlariga, toʻlov operatsiyasining texnologik va boshqa ishtirokchilariga, bunday uzatish toʻlov operatsiyasini ijro etish uchun zarur boʻlgan va qonunchilikka yoʻl qoʻyiladigan darajada uzatilishiga rozilik bildiradi.

6.4. Toʻlov tashkiloti qayta ishlanadigan shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish boʻyicha zarur tashkiliy va texnik choralarni koʻradi.

6.5. Shaxsiy maʼlumotlarni qayta ishlash Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan asoslarda va hajmda amalga oshiriladi.
7. Tomonlarning javobgarligi
7.1. Tomonlar ushbu Shartnoma boʻyicha majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javobgar boʻladi.

7.2. Toʻlov tashkiloti toʻlov xizmatlarini lozim darajada koʻrsatmaganlik uchun qonunchilikda belgilangan chegaralarda javobgar boʻladi.

7.3. Toʻlov tashkiloti quyidagilar uchun javobgar emas:
Tovarning sifati, xavfsizligi, xususiyatlari va toʻliq komplektligi, uning kafolatli xizmat koʻrsatilishi;
  • Sotuvchining harakati yoki harakatsizligi;
  • Sotuvchi tomonidan oldi-sotdi shartnomasi shartlarining buzilishi;
  • Listee tomonidan Foydalanuvchi oldidagi majburiyatlarning buzilishi;
  • yetkazib berishdagi kechikishlar;
  • Listee yoki Sotuvchi tomonidan taqdim etilgan Tovar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning notoʻgʻriligi;
  • Toʻlov tashkilotiga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra operatsiyani amalga oshirishning imkonsizligi;
  • agar Toʻlov tashkiloti bunday buzilishga sabab boʻlmasa, banklar, toʻlov tizimlari va hisob-kitoblarning boshqa ishtirokchilari tomonidan yoʻl qoʻyilgan buzilishlar;
  • Foydalanuvchining ushbu Oferta yoki qonunchilikni buzgan holda amalga oshirgan harakatlari.

7.4. Agar Toʻlov tashkiloti toʻlov topshirigʻini olingan maʼlumotlarga va qonunchilikka muvofiq ijro etgan boʻlsa, Foydalanuvchi tomonidan notoʻgʻri rekvizitlar yoki boshqa ishonchsiz axborot taqdim etilishi natijasida yuzaga kelgan zararlar uchun Toʻlov tashkiloti javobgar emas.

7.5. Foydalanuvchi oʻz shaxsiy maʼlumotlarini himoyalanmagan aloqa kanallaridan foydalanadigan qurilmaga kiritishda yoki zararli dasturlar va ilovalar tahdidi ostida boʻlgan qurilmada kiritishda ularning haqiqiyligi va saqlanishi uchun toʻliq javobgar boʻladi.

7.6. Jamiyat Foydalanuvchi Oferta shartlari bilan tanishmagani va (yoki) oʻz vaqtida tanishmagani munosabati bilan Foydalanuvchida yuzaga kelgan har qanday zararlar uchun javobgar emas.

7.7. Agar Shartnoma shartlarining lozim darajada bajarilmasligi Jamiyat nazorati doirasidan tashqarida boʻlgan sabablarga koʻra yuzaga kelgan boʻlsa, Jamiyat bunday bajarmaslik uchun javobgar emas. Jamiyat nazorati doirasi faqat Toʻlov xizmatining ishga layoqatliligi bilan chegaralanadi va uchinchi shaxslar aybi bilan yuzaga kelgan nosozliklar, yoxud davlat yoki sud hokimiyati organlari tomonidan qoʻyilgan taqiq va cheklovlar natijasida yuzaga kelgan holatlar uchun javobgarlikni oʻz ichiga olmaydi.
8. Ruxsatsiz operatsiyalar
8.1. Foydalanuvchi oʻziga maʼlum boʻlgan ruxsatsiz toʻlov operatsiyasi haqida Toʻlov tashkilotiga darhol xabar berishi shart.

8.2. Tegishli murojaat kelib tushganda Toʻlov tashkiloti operatsiya holatlarini qonunchilikda va ichki tartib-qoidalarda belgilangan tartibda tekshiradi.

8.3. Foydalanuvchi oʻz toʻlov vositalari, qurilmasi va identifikatsiya vositalarini himoya qilish boʻyicha zarur choralarni koʻrishi shart.
9. Tomonlarga bogʻliq boʻlmagan holatlar
9.1. Agar majburiyatlarning bajarilmasligi tomonlar oqilona bashorat qila olmagan yoki oldini ololmagan holatlar tufayli yuzaga kelgan boʻlsa, Tomonlar bunday bajarmaslik uchun javobgarlikdan ozod etiladi.

9.2. Bunday holatlarga quyidagilar kirishi mumkin:
  • tabiiy ofatlar;
  • yong'inlar;
  • avariyalar;
  • elektr taʼminotidagi uzilishlar;
  • aloqa tarmoqlari ishidagi buzilishlar;
  • keng koʻlamli texnik nosozliklar;
  • davlat organlarining harakatlari;
  • kiberhujumlar;
  • tomonning oqilona nazorati doirasidan tashqarida boʻlgan boshqa holatlar.

9.3. Toʻlov tashkiloti tegishli nosozlik sabablari bartaraf etilgandan soʻng toʻlov xizmatlarining ishini tiklash uchun oqilona choralarni koʻradi.
10. Ofertaga oʻzgartirish kiritish
10.1. Toʻlov tashkiloti Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga rioya etilgan taqdirda ushbu Ofertaga oʻzgartirishlar kiritish huquqiga ega.

10.2. Ofertaning yangi tahriri, agar qonunchilikda boshqa tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, shunday tahrirda koʻrsatilgan sanadan kuchga kiradi.

10.3. Oʻzgartirishlar Ofertaning yangi tahririni Listee interfeysida joylashtirish yoʻli bilan eʼlon qilinadi.

10.4. Ushbu Oferta shartlariga kiritilgan oʻzgartirishlar tegishli oʻzgartirishlar kuchga kirishidan oldin toʻliq yakunlangan toʻlov operatsiyalariga qoʻllanilmaydi.

10.5. Agar bunday tartibga qonunchilikda yoʻl qoʻyilgan boʻlsa, Ofertaning yangi tahriri kuchga kirgandan keyin toʻlov xizmatlaridan foydalanishni davom ettirish Foydalanuvchi tomonidan uning shartlari qabul qilinganligini bildiradi.
11. Nizolarni hal etish
11.1. Ushbu Shartnoma Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tartibga solinadi.

11.2. Ushbu Shartnomadan kelib chiqadigan yoki u bilan bogʻliq barcha nizo va kelishmovchiliklar muzokaralar olib borish hamda murojaat/da'vo yuborish yoʻli bilan hal etiladi.
Murojaat/daʼvo quyidagi usullar orqali yuborilishi mumkin:
  • elektron pochta orqali: support@freedompay.uz;
  • quyidagi manzilga: Toshkent shahri, Mirobod tumani, Taras Shevchenko ko‘chasi, 23a uy, 301-xona.

11.3. Nizoni muzokaralar yoʻli bilan hal etish imkoni boʻlmagan taqdirda, nizo qonunchilikda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli sudida koʻrib chiqiladi.

11.4. Ushbu boʻlimdagi hech qanday qoida Foydalanuvchiga Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligining imperativ normalari bilan berilgan huquqlarni cheklamaydi.
11.5. Faqat Tovarning sifati, xususiyatlari, yetkazib berilishi, qaytarilishi va Sotuvchining harakatlariga oid masalalar, agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, Listee va/yoki tegishli Sotuvchi tomonidan koʻrib chiqiladi.
12. Yakuniy qoidalar
12.1. Agar Ofertada bevosita boshqacha koʻrsatilmagan boʻlsa, ushbu Oferta u eʼlon qilingan sanadan kuchga kiradi.

12.2. Agar ushbu Ofertaning alohida qoidasi haqiqiy emas yoki qoʻllanilmaydi deb topilsa, bu qolgan qoidalarning haqiqiy emasligiga olib kelmaydi.

12.3. Ushbu Oferta bilan bevosita tartibga solinmagan barcha masalalarda tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligini asos qilib oladi.

12.4. Foydalanuvchi aksept amalga oshirilgunga qadar ushbu Oferta bilan tanishish imkoniyatiga ega boʻlganligini tasdiqlaydi.

12.5. Akseptni amalga oshirar ekan, Foydalanuvchi ushbu Oferta shartlari oʻziga tushunarli ekanligini va ularni toʻliq hajmda qabul qilishini tasdiqlaydi.
Xavfsizlik bilan aniqlangan muammolar haqida
Manzil va kontaktlar
O'zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, 100060, Shevchenko ko'chasi, 21A, 301-uy
Ish vaqti: 10:00 - 19:00 (GMT+5)
© 2026 Freedom Pay
Tashkilot PCI DSS standarti talablariga javob beradi
O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 23.04.2020 yildagi 5-sonli to'lov tashkilotining litsenziyasi
Biz cookie-fayllardan foydalanamiz
Yaxshi